Taniqli rossiyalik sharhlovchi Aleksandr Yelagin o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning o‘yinini yuqori baholab, uni “Manchester Siti”da mavsum kashfiyoti deb atadi.
22 yoshli markaziy himoyasi yakunlanayotgan mavsumni zaxira o‘yinchisi sifatida boshlab, keyinchalik “Manchester Siti”ning asosiy tarkibidan mustahkam joy egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Husanovning yutug‘i
“Manchester Siti” tarkibida raqobat juda yuqori bo‘lishiga qaramay, Husanov 2025-2026 yilgi mavsumni juda mazmunli va ta’sirli o‘tkazdi. Yelagin fikriga ko‘ra, himoyachining asosiy yutug‘i – jahon futboli yulduzlari bilan raqobatda ustun kela olganidir.
- Husanov shunchaki ajoyib mavsum o‘tkazdi. Qarang, u Yoshko Gvardiol kabi yuqori darajadagi futbolchilar bilan raqobat qildi. Gvardiol va Ruben Diash jarohatdan tiklanganidan keyin ham zaxirada qoldi, Husanov esa o‘ynashda davom etdi, - dedi futbol eksperti Aleksandr Yelagin. .
Husanovning kamchiligi
Barcha maqtovlarga qaramay, Aleksandr Yelagin yosh futbolchida o‘sish nuqtalari ham borligini ta’kidladi. Sharhlovchi fikriga ko‘ra, Abduqodir ishonchli o‘yin namoyish etayotgan bo‘lsa-da, ba’zida pozision xatolarga yo‘l qo‘yadi. Biroq bu xatolar Pep Gvardiola jamoasi himoyasining ishonchliligi va mustahkamligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan.
Abduqodirning mavsumdagi statistikasi:
- Barcha rasmiy turnirlarda 37 ta o‘yin;
- Maydonda 2817 daqiqa harakat.
- Yevropa va jahon chempionlarini asosiy tarkibdan siqib chiqargan asosiy markaziy himoyachi;
- Ikkita ogohlantirish;
-.Ikkita sovrin: Angliya ligasi kubogi, Angliya kubogi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanovning salohiyatini yuqori baholagan Aleksandr Yelagin mashhur rossiyalik sport sharhlovchisi, jurnalist va aktyor. U televideniyedagi ko‘p yillik faoliyati orqali keng tanilgan va millionlab rusiyzabon muxlislar uchun Angliya Premyer-ligasining “ovozi”ga aylangan.