Markaziy bank shuni ma’lum qiladiki, “Humans companies” AJ va “Octagram” AJ tashkilotlari o‘rtasida 2025 yil 10 aprelda 32-sonli shartnoma imzolangan bo‘lib, unga muvofiq, Humans agent sifatida o‘z mijozlariga to‘lov xizmatlarini (to‘lov va P2P pul o‘tkazmalari) yetkazib berishni boshlagan.
2025 yil 8 dekabr kuni, soat 08:30 atrofida Markaziy bankka fuqarolar tomonidan Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushdi. Ushbu holat yuzasidan Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va ehtimoliy zaifliklarni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Ma’lum qilamizki, 9 dekabr holatiga ko‘ra, Humans mobil ilovasi orqali “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Hurmatli fuqarolar, Uzcard va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lov va o‘tkazmalar odatiy tartibda ishlamoqda. Kartalardan boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati ham saqlanib qolgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilmoqda.
Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi.
Yuqoridagi holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda murojaat qilishingiz mumkin.