Xalq orasida Bxole Baba nomi bilan tanilgan Narayan Sakar Vishva Xari ushbu hodisada aybi yo‘qligini aytib, polisiya bilan hamkorlik qilishga va’da berdi.
Hind xalqi so‘nggi yillarda boshdan kechirgan eng qonli voqealardan biri hisoblangan ushbu ofat Hindistonning eng gavjum Uttar-Pradesh shtati Mughal Garxi qishlog‘ida yuz bergan. Bu qishloq poytaxt Nyu-Dehlidan 200 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
Ma’lum bo‘lishicha, olomon dindorlar orasida “satsang” nomi bilan mashhur ibodatni o‘tkazish uchun to‘plangan. Taloto‘p juda ko‘p odam mahalliy voizning oyog‘ini “tavof qilish”ga shoshilgandan keyin boshlangan.
Manbalarga ko‘ra, kamida 116 kishi, jumladan 108 ayol va yetti nafar bola hayotdan ko‘z yumdi. Mahalliy sog‘liqni saqlash idorasi vakili aytishicha, hozirgacha 72 marhumning shaxsi aniqlangan. O‘nlab yaralanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarda davolanmoqda.
Rasmiylar tadbir tashkilotchilarini qo‘yilgan talablarni bajarmaganlikda ayblamoqda. Ayni dam hodisa bilan bog‘liq holatni o‘rganish uchun surishtiruv olib borilyapti.
Ta’kidlash joiz, Hindistondagi diniy yig‘inlarda odamlar shu tarzda fojiali o‘lim topishi yangilik emas. Masalan, 2008 yil mamlakat g‘arbida uyushtirilgan diniy tadbirda 150 nafar, uch yil avval Maxarashtra shtatida ziyorat payti 250 dan ziyod inson halok bo‘lgan.