Hodisa seshanba kuni xalqaro suvlarda yuz bergan. Har ikki davlat to‘qnashuv uchun bir-birini ayblab, 1991 yilda imzolangan kelishuv talablari buzilganini bildirdi. Mazkur hujjat harbiy mashg‘ulotlar va manyovrlar haqida oldindan xabar berishni talab qiladi.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokistonning Nyu-Dehlidagi Oliy komissiyasi vaqtincha ishlar vakiliga norozilik bildirdi. Vazirlik Hindiston harbiy kemasi bilan bog‘liq hodisada Pokiston tomonining harakatlarini "qabul qilib bo‘lmaydigan va professionallikka zid" deb atadi.
Hindiston ma’lumotiga ko‘ra, to‘qnashuv jiddiy zarar keltirmagan. Shu bilan birga, Nyu-Dehli har ikki davlat harbiy bo‘linmalari bunday hodisalarning oldini olish uchun tegishli kelishuvlarga rioya qilishi zarurligini ta’kidladi.
Pokiston ham Islomobodda Hindistonning vaqtincha ishlar vakilini chaqirtirib, norozilik bildirdi. Pokiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakat harbiy-dengiz kuchlari o‘zining eksklyuziv iqtisodiy zonasida SEASPARK-26 mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgan vaqtda Hindiston kemasi Pokiston kemasiga xavfli darajada yaqinlashib, agressiv manyovrlar amalga oshirgan.
Islomobod xalqaro hamjamiyatni Hindistonni mintaqada beqarorlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirishga undadi.
1991 yilda imzolangan kelishuvga ko‘ra, Pokiston hamda Hindiston harbiy va suvosti kemalari xalqaro suvlarda ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish uchun bir-biridan kamida uch dengiz mili (5,5 kilometr) masofa saqlashi shart.