Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi savdo kemalariga qilingan hujum, oqibatda bir nafar dengizchining halok bo‘lishi munosabati bilan Eronning Nyu-Delidagi elchixonasi vakilini chaqirtirdi.
Bu haqda Hindiston TIV rasmiy vakili Randxir Jaysval X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotda aytiladi.
«Bugun ertalab Eronning Nyu-Delidagi diplomatik missiyasi rahbari o‘rinbosari Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va unga mazkur hujumlarga nisbatan qat’iy norozilik bildirildi», — deyiladi xabarda.
Hindiston TIV, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi «Mombasa» va «Bahia» kemalariga qilingan hujumlarni qoraladi. Ikkala kema bortida jami 30 nafar hindistonlik dengizchi bo‘lgani va ulardan biri halok bo‘lgani ma’lum qilindi.