Mamlakatda pandemiya sababli bir necha yilga kechiktirilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga start berildi. Bir yil davom etadigan ushbu yirik loyihaga 3 milliondan ortiq xodim jalb etilgan bo‘lib, ular 640 mingta qishloq va shaharlardagi har bir xonadonga shaxsan tashrif buyurishadi.
Jarayon ikki bosqichda amalga oshiriladi: avval uy-joy sharoitlari o‘rganiladi, so‘ngra aholining ijtimoiy-iqtisodiy holati va kastalari haqida ma’lumot to‘planadi.
Bu galgi tadqiqot Hindiston tarixida ilk bor raqamli formatda, ya’ni maxsus mobil ilovalar va veb-portal yordamida o‘tkazilmoqda. Fuqarolarga ma’lumotlarni onlayn tarzda mustaqil to‘ldirish imkoniyati ham yaratilgan. Hukumat 1,3 milliard dollar mablag‘ sarflanadigan ushbu loyiha orqali mamlakatning yangilangan demografik manzarasini aniqlashni maqsad qilgan.