Bugun 10 avgust, 2026 yil, dushanba

КИР

Hammasi oktyabrda hal bo‘ladi: BMTga ayol kishi rahbarlik qiladi

Hammasi oktyabrda hal bo‘ladi: BMTga ayol kishi rahbarlik qiladi

Kosta-Rikalik diplomat va mamlakatning sobiq vise-prezidenti Rebeka Grinspan BMT bosh kotibi lavozimi uchun kurashda peshqadam bo‘ldi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

BMT Xavfsizlik kengashida o‘tkazilgan dastlabki maxfiy ovoz berishda Grinspan 10 ta ovoz olgan. To‘rt nafar a’zo uni qo‘llab-quvvatlash yoki qarshi chiqish bo‘yicha aniq pozisiya bildirmagan, bir nafar a’zo esa qarshi ovoz bergan.

Uning eng yaqin raqibi — Gayananing BMTdagi sobiq elchisi Kerolin Rodriges-Berkett 9 ta «yoqlayman» ovoziga ega bo‘lgan. Ikki nafar a’zo unga qarshi ovoz bergan, to‘rt nafari esa betaraf qolgan.

BMT bosh kotibi saylovi jarayoni oktyabr oyida yakunlanishi kutilmoqda.

G‘arblik diplomatlardan biri Grinspanni amaldagi bosh kotib Antoniu Guterrishning norasmiy qo‘lloviga ega bo‘lgan «davomchi nomzod» sifatida ko‘rayotganlar borligini aytgan.

Guterrishning ikkinchi va so‘nggi muddati 2026 yil 31 dekabrda yakuniga yetadi. BMTdagi norasmiy mintaqaviy rotasiya tamoyiliga ko‘ra, uning o‘rniga Lotin Amerikasi vakili kelishi kutilmoqda.

Agar Grinspan saylansa, u BMT bosh kotibi lavozimini egallagan birinchi ayol va birinchi yahudiy shaxs bo‘ladi.

The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, Grinspanning ota-onasi Polshada tug‘ilgan va keyin Markaziy Amerikaga ko‘chib kelgan. Uning ona tomondan buvisi va bobosi nasistlar tomonidan o‘ldirilgan.

Grinspan Isroilning palestinaliklarga nisbatan siyosatiga tanqidiy munosabatda bo‘lib keladi. Ayni vaqtda u BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi — YUNKTADga rahbarlik qilmoqda. Ushbu tashkilot Isroilning Falastin hududlaridagi harakatlari oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy zararni hujjatlashtirgan.

Grinspanning Isroil bilan oilaviy aloqalari ham bor. Uning singlisi 17 yoshida Isroilga ko‘chib o‘tgan, jiyani va jiyanchasi esa Isroil armiyasida majburiy harbiy xizmatni o‘tagan.

Kiritildi: 18:49 09.08.2026. O'qildi: 361 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!