Bugun 6 oktyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Halokatga olib boruvchi illatni bilasizmi?

Halokatga olib boruvchi illatni bilasizmi?

Arab tilida “عجب” (ujb) so‘zi bor. Bu salbiy sifatni o‘zbek tiliga o‘girilsa, manmanlik, o‘ziga bino qo‘yish, o‘zida bor sifatlardan ajablanish degan ma’nolarni ifodalaydi.

Ulamolar, bu illatni quyidagicha ta’riflaganlar:

«Ujb – (manmanlik) ne’matni o‘zining fazlidan ekanligiga ishonish va ne’mat beruvchi Zotni unitishdir».

Rog‘ib Asfahoniy: Ujb – inson o‘zini o‘zi haqli bo‘lmagan darajaga haqliman deb o‘ylashidir, degan.

G‘azzoliy rahmatullohu alayh: Ujb – ne’matni haqiqiy ne’mat beruvchiga nisbat berishni unitib, uni o‘zida katta sanab unga suyanib qolishdir, degan.

Ibn Abdussalom: Inson o‘ziga berilgan ne’mat yoki yaxshi amalni Allohdan ekanini unitishi va bularni o‘z nafsidan deb xursand bo‘lishi ujbdir, degan.

Alloh taolo Qur’oni Karimda manmanlikni qoralab «Tavba» surasining 25 – oyatida shunday marhamat qiladi.

لَقَدْ نَصَرَكُمُ اللَّهُ فِي مَوَاطِنَ كَثِيرَةٍ ۙ وَيَوْمَ حُنَيْنٍ ۙ إِذْ أَعْجَبَتْكُمْ كَثْرَتُكُمْ فَلَمْ تُغْنِ عَنْكُمْ شَيْئًا وَضَاقَتْ عَلَيْكُمُ الْأَرْضُ بِمَا رَحُبَتْ ثُمَّ وَلَّيْتُمْ مُدْبِرِينَ

«Batahqiq, Alloh sizlarga ko‘p joylarda nusrat berdi. Hunayn kunida ham. O‘shanda sizni ko‘pligingiz manmanlikka olib borgan va mag‘rur qilgan edi. Bas, sizga hech foyda bermadi va keng yer sizga torlik qilib qoldi. So‘ngra ortga qarab qochdingiz».

Ushbu oyati karima, Makka fathidan keyin bo‘lib o‘tgan Hunayn jangi haqida nozil bo‘lgan. Mazkur fathda ishtirok etgan fotihlardan tashqari fath sababli yangi musulmon bo‘lgan ahli Makka va boshqa ko‘pgina tomonlar ham chiqishgan edi.

O‘n ikki ming kishilik katta lashkar ularni g‘ururga ketkazib qo‘ygandi. Ularda ozlik chog‘imizda qanchadan-qancha dushmanlarning ustidan g‘olib chiqqanmizku, shuncha katta songa ega bo‘lib turib o‘zimizdan oz sonli mushriklarni yenga olmasmidik, degan manmanlik paydo bo‘lgan edi. Ammo Hunayn urushi qizigan paytda askarning adadining ko‘pligi sizga hech qanday foyda bermay qoldi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishi o‘zining soch shokilasiga va kiyimiga maxliyo bo‘lib yurib borayotganda, birdan uni yer yutib yubordi. Endi u qiyomat qoim bo‘lguncha pastga tushib boraveradi», dedilar».

Ikki shayx rivoyat qilgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa halok qiluvchidir: itoat qilinadigan baxillik, ergashiladigan havoi-nafs va kishi o‘z nafsi bilan faxrlanishi» – dedilar.

Boshqa bir o‘rinda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ujbni katta gunohlardan biri ekanini aytib shunday deganlar: «Agar sizlar biror gunoh qilmaydigan bo‘lganlaringizda, men sizlarga bundanda kattarog‘idan qo‘rqqan bo‘lar edim. U ujbdir».

Ulamolar, insonlarni ujb kasalligiga yo‘liqishlariga quyidagi holatlar sabab bo‘lishini aytadilar.

Birinchisi, inson o‘zining xilqatining go‘zalligiga qarab faxrlanadi. Buni Allohning ne’mati ekanini va bir lahzada yo‘q bo‘lib qolishini unutadi.

Ikkinchisi, o‘ziga berilgan kuch-quvvat bo‘lib, unga shukr keltirishni unutib, ushbu kuch-quvvatni ato etgan zotga suyanishni tark qilib qo‘yadi.

Uchinchisi, aql bo‘lib, uni chiroyli sanab bunday aql faqat menda bor deb o‘ylab qoladi.

To‘rtinchisi, ulug‘ nasabga ega bo‘lish bo‘lib, u bilan faxrlanishi va shu sababli men ko‘plab odamlardan afzalman deb qolishi.

Beshinchisi, zolim hukmdorlarga o‘zini nisbatini berib, ular bilan faxrlanishi.

Oltinchisi, farzandlari, qarindoshlari va o‘ziga tobe’ kishilarning ko‘pligiga ishonib, Allohga suyanishni va Unga tavakkul qilishni unutib qo‘yishi.

Ettinchisi, mol-dunyoning ko‘pligi bo‘lib, unga suyanib qolishi.

Sakkizinchisi, xato fikrga ega bo‘lib qolib, buni ne’mat deb o‘ylab qolishi.

Imom G‘azzoliy rahmatullohu alayh ujbning zararli oqibatlaridan ogohlantirib aytadi: Ujb gunohlarni unutib ularga beparvo bo‘lib qolishga sabab bo‘ladi. Ujb sohibi qilayotgan ibodatlarini va amallarini katta sanab faxrlanib qoladi. Ushbu ibodatlarni qilayotganidan Allohga minnat qilishgacha boradi. O‘z ibodatlaridan ujbga tushgani sari buning yomon oqibatlarini ham unutib boradi. Kim amallarini yomon oqibat bilan yakun topishiga e’tibor qilmasa qilayotgan harakatlari zoye bo‘lib qolaveradi. Ujb egasi o‘z nafsi va fikri bilan aldanib qolib, Allohning makri va azobidan xotirjam bo‘lib qoladi. U o‘z nafsini maqtab biror ayb va kamchiliklardan xoli deb biladi. Natijada boshqalar bilan maslahatlashish yoki biror bilmagan narsasini so‘rashni o‘ziga or bilib, o‘z fikri bilan kifoyalanib qoladi. Eng yomoni o‘zining xato fikrini to‘g‘ri deb bilib, o‘zidan shunday fikr chiqqanidan xursand bo‘lib o‘sha fikrida qat’iy turib olishidir. Goho bu narsa uni halokatiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa uning bu xato fikri din ishlariga tegishli fikr bo‘lsa. Shuning uchun ham ujb halokatga olib boruvchi illatlardan biri sifatida sanalgan. Ujb egasining men maqsadga erishib bo‘ldim deb amal qilishdan to‘xtab qolishi, ujbning eng katta oftlaridan biridir. Bu esa shubhasiz ochiq oydin halokatdan boshqa narsa emas.

Bugungi kunimizda ozgina ilm o‘qib yoki eshitib, o‘zini «olim»man deb yurgan insonlar borligi xech kimga sir emas. Ular o‘zlaridagi ana shu ozgina ilm bilan kifoyalanib va shundan xursand bo‘lib hamda bo‘ldi maqsadga erishdim deb, yurishlariga nafslariga o‘rnashib qolgan ujb sababdir ehtimol…

Manbalar asosida Toshkent tumani «Ayri ota» jome masjidi imom noibi Zokirjon Bo‘riyev tayyorladi

Kiritildi: 06:00 28.06.2020. O'qildi: 3398 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!