Dunyodagi 14 mingdan ortiq internet-router KadNap dasturi orqali zararlandi. Ushbu virus hakerlarga qurilmani masofadan boshqarish va ulardan kiberhujumlar uchun foydalanish imkonini beradi, deb xabar berdi Ars Technica nashri.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, virus routerlarning dasturiy ta’minotidagi («proshivka») zaif nuqtalar orqali tarqaladi.
Zararlanish foydalanuvchi uchun sezilmaydigan tarzda sodir bo‘ladi, shu sababli qurilma egalari ko‘pincha tizim buzib kirilganidan shubha ham qilishmaydi.
Zararlangandan so‘ng router «botnet»ning — ya’ni saytlarga hujum qilish, internet-trafikni boshqa yo‘nalishga burish yoki ma’lumotlarni yashirincha uzatish uchun ishlatiladigan qurilmalar tarmog‘ining bir qismiga aylanadi. Ekspertlarning ogohlantirishicha, bunday kirish orqali hakerlar uy tarmog‘idagi boshqa qurilmalarni — kompyuterlar, ma’lumotlar ombori yoki printerlarni ham nazorat qilishga urinishi mumkin.
Mutaxassislar xavfsizlik bo‘yicha eng so‘nggi yangilanishlarni (update) o‘rnatishni va standart parollarni almashtirishni tavsiya qilishmoqda, chunki aynan eskirgan dasturiy ta’minot ko‘pincha tizim buzilishiga sabab bo‘ladi.