Daniya Arktika qo‘mondonligi rahbari general-mayor Soren Andersen AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya yaqinida Rossiya va Xitoy kemalarining borligi haqidagi da’volarini rad etdi.
Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
"Biz Grenlandiya atrofida biron bir Rossiya yoki Xitoy kemasini ko‘rmayapmiz... Xitoy va Rossiya kemalari Shimoliy Muz okeanida, lekin Grenlandiya yaqinida emas", deb ta’kidladi u.
General Andersen AQShni bu yil orolda rejalashtirilgan mashqlarga qo‘shilishga taklif qilganini qo‘shimcha qildi. Uning aniqlik kiritishicha, Vashington hali taklifga javob bermagan.
Donald Tramp Grenlandiyaning AQSh xavfsizligi uchun strategik ahamiyatini bir necha bor ta’kidlagan. Bunga javoban Yevropa mamlakatlari orolda o‘z harbiy ishtirokini kuchaytirishga qaror qilishdi: Fransiya 15 ta, Germaniya 13 ta va Finlyandiya ikkita askar yubordi. Grenlandiyani o‘z ichiga olgan Daniya ham qo‘shinlarni joylashtirishini e’lon qildi.