Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsenning ta’kidlashicha, Oq uy rahbari o‘rinbosari Stiven Millerning rafiqasi tomonidan chop etilgan orol xaritasi AQSh bayrog‘i ranglarida hurmatsizlikdan dalolat beradi, ammo vahima qilishga asos yo‘q.
Siyosatchi bu haqda Facebook sahifasida yozdi.
Nilsenning qayd etishicha, Keti Miller tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida baham ko‘rilgan surat "mutlaqo hech narsani o‘zgartirmaydi": mamlakat sotilmaydi, Grenlandiya kelajagi esa ijtimoiy tarmoqdagi postlar bilan belgilanmaydi.
Bosh vazir mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar Grenlandiyaliklarning maqomi va huquqlarini e’tiborsiz qoldiradigan ramziy belgilarga emas, balki xalqaro huquq va hurmat asosida qurilganini ta’kidladi. "Hukumat o‘z ishini xotirjam va mas’uliyat bilan davom ettirmoqda, muloqotga kirishadi va mamlakat manfaatlarini himoya qiladi, xalqaro o‘yin qoidalariga amal qiladi", — dedi Nilsen.
Uning qo‘shimcha qilishicha, "vahima qo‘zg‘ashga hech qanday asos yo‘q, lekin hurmat yo‘qligini qat’iy aytishga asos bor”.