AQSh hukumati Green card lotereyasida ishtirok etish qoidalarini yangilashni rejalashtirmoqda.
O‘zgarishlar 2026 yil 10 apreldan kuchga kirishi mumkin va DV-2027 lotereyasiga taalluqli bo‘lishi kutilmoqda. Tegishli loyiha AQSh Federal reestri saytida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Diversity Visa Program'da (Green card lotereyasi) ishtirok etish uchun amal qiluvchi xorijga chiqish pasporti talab qilinadi. Anketaga pasportning shaxsiy ma’lumotlar va imzo joylashgan sahifasining skanerlangan nusxasini biriktirish kerak bo‘ladi.
Shuningdek, ariza topshirish uchun ramziy to‘lov – 1 dollar joriy etish taklif qilinmoqda. Yana bir o‘zgarish anketa to‘ldirish vaqtiga tegishli. Hozir buning uchun 30 daqiqa beriladi, yangi qoidalarga ko‘ra esa bu muddatni 90 daqiqagacha uzaytirish rejalashtirilgan.
AQSh Davlat departamentining ma’lum qilishicha, bu choralar firibgarlik bilan berilgan arizalar sonini kamaytirish va dastur shaffofligini oshirishga yordam beradi. Shu bilan birga, dastur qoidalarida “gender” va “yosh” o‘rniga “biologik jins” va “tug‘ilgan sana” atamalarini ishlatish rejalashtirilgan.
Konsulliklar uchun yo‘riqnomalarga ham “shall” (“majbur”) degan qoida qo‘shilmoqda. Bu konsullik xodimlari ishtirokchilar ma’lumotlarini qat’iy tekshirishi shartligini anglatadi.