Turkiyaning global turizm platformasi — GoTürkiye mamlakatning betakror sayyohlik manzillarini kinematografik hikoyalar orqali namoyish etib, xalqaro auditoriya e’tiborini jalb etishda davom etmoqda. Platformaning to‘rtinchi mini-seriali “An Istanbul story” 1,5 milliarddan ortiq ko‘rish soniga erishdi. Ushbu muvaffaqiyatli loyihaning davomi bo‘lgan “Cappadocia Fairytale (Kappadokiya ertagi)” ham raqamli platformalarda namoyish etildi. Serial efirga uzatilganidan atigi 10 kun o‘tib, 49,6 milliondan ortiq foydalanuvchiga yetib bordi va 44,3 million tomosha qayd etdi.
GoTürkiyening Original Mini-Seriyes loyihasi raqamli media sohasi va hikoyaga asoslangan zamonaviy turizm targ‘ibotida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Platformaning yangi mini-seriali — “Cappadocia Fairytale” Kappadokiyaning betakror va sehrli muhitini jonli tasvirlab, tomoshabinlarni ushbu maftunkor maskanni his etishga chorlaydi. Loyiha targ‘iboti bir vaqtning o‘zida 25 mamlakatda olib borilmoqda.
“Kappadokiya ertagi” tomoshabinlarni Istanbulning jo‘shqin va gavjum hayotidan Kappadokiyaning sirli hamda boqiy manzaralari sari yetaklaydi. Mini-serialda hududning YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy maskanlari, afsonaviy peri mo‘rilari, betakror tabiati va ertaknamo manzaralari yorqin tasvirlangan.
Aktyorlar Ozan Akbaba va Sinem Unsal yana Selim hamda Duru obrazlari bilan ekranlarga qaytadi. Dastlab bir-biri bilan chiqisha olmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan muhabbat rishtalari bilan bog‘langan juftlik bu safar asal oyini o‘tkazish uchun Kappadokiyaga yo‘l oladi. Biroq ularning sayohati kutilmaganda sirli va o‘zlikni anglashga chorlovchi sarguzashtga aylanadi. Qo‘llaridagi ikki jumboqli metall kalit ularni yashirin sirlar va noma’lum eshiklar dunyosiga boshlab, muhabbat hamda jasoratning asl ma’nosini izlashga undaydi.
Voqealar davomida Kappadokiyaning eng mashhur maskanlari salobatli Uchhisar qal’asi, maftunkor Qizil vodiy, afsonaviy Sevgi vodiysi, qadimiy yerosti shaharlari hamda dunyoga mashhur havo sharlarining ajoyib manzaralari jozibali tarzda namoyish etiladi.
Loyiha Ay Yapim kompaniyasi tomonidan suratga olingan bo‘lib, ssenariy muallifi Kemal Hamamji o‘g‘li, rejissyor esa xalqaro Emmy mukofoti sovrindori Hilal Saral hisoblanadi.
GoTürkiye bugungi kunga qadar “Antalya Gambit”, “Istanbul My Love”, “Hidden Lover” va “An Istanbul Story” kabi syujetga asoslangan yirik mini-serial loyihalarini amalga oshirdi. Ushbu loyihalar Turkiyaning turli sayyohlik maskanlarini xalqaro auditoriyaga ta’sirli va zamonaviy usulda tanitishga xizmat qilmoqda.
Mazkur seriallar Turkiyaning xalqaro turizm imijini yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, internet makonida ham katta muvaffaqiyat qozondi. Har bir epizod dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlar tomonidan kuzatildi. Ushbu muvaffaqiyat ortidan GoTürkiye Turkiyaning sayyohlik manzillarini yanada kengroq targ‘ib qiluvchi yangi mini-serial loyihalarini davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda yuqori faollikka ega bo‘lgan GoTürkiye bugungi kunda dunyodagi eng ko‘p kuzatiladigan rasmiy turizm brendlaridan biri hisoblanadi. Hozirda u sakkizta yirik platformada jami 20,8 milliondan ortiq kuzatuvchiga ega.
GoTürkiye YouTube sahifasi 5,69 million obunachiga ega bo‘lib, platformadagi eng mashhur milliy turizm sahifasi sifatida yetakchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, TikTok’da 5,6 million kuzatuvchi bilan birinchi o‘rinda turadi, Instagram’da esa 4 million obunachi bilan dunyodagi eng ommabop milliy turizm sahifalari orasida ikkinchi o‘rinni saqlab kelmoqda.