Google korporasiyasi smartfonlar ishlab chiqarishini Xitoydan boshqa davlatlarga to‘liq ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Ixbt.com ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya yetkazib beruvchilarini 2027 yilga qadar smartfon yig‘ish quvvatlarini Xitoydan butunlay olib chiqish rejasi haqida ogohlantirgan.
So‘nggi yillarda Google Xitoydagi ishlab chiqarish zanjiriga qaramlikni kamaytirish maqsadida Vetnam va Hindistondagi quvvatlarini kengaytirib kelmoqda. Shunga qaramay, hozir ham kompaniya smartfonlarining sezilarli qismi Xitoyda yig‘iladi.
Manbalarga ko‘ra, Google joriy yilda yuqori toifadagi Pixel smartfonlarini ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va seriyali ishlab chiqarish jarayonlarini Vetnamda muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan. Bu esa kompaniyaning 2027 yilgacha barcha Pixel modellarini Xitoydan tashqarida ishlab chiqarish rejasini tezlashtirgan.
Agar bu reja amalga oshsa, Google smartfon ishlab chiqarishini Xitoydan to‘liq olib chiqqan ikkinchi yirik global brendga aylanishi mumkin. Bungacha Samsung o‘z smartfonlari ishlab chiqarishini Xitoydan boshqa davlatlarga ko‘chirgan edi.
Google uchun bunday qaror qabul qilish Apple'ga nisbatan osonroq ekani ham qayd etilmoqda. Chunki Pixel smartfonlari Xitoy bozorida rasman sotilmaydi va kompaniyaning ishlab chiqarishni ushbu mamlakatda saqlab qolishi uchun jiddiy bozor omili mavjud emas.
Shuningdek, Vetnamda Samsung tomonidan avvaldan shakllantirilgan smartfon ishlab chiqarish va yetkazib berish infratuzilmasi Google uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.