Germaniyada o‘quvchilar harbiy xizmatga chaqiruvning yangi qoidalariga qarshi norozilik namoyishiiga chiqdi, deb xabar bermoqda Der Spiegel.
"Norozilik aksiyalari Germaniyaning ko‘plab shaharlarida o‘tkazildi. Berlindagi namoyishda uch mingdan ortiq odam qatnashdi", deya yozmoqda nemis nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlarda asosan katta sinf o‘quvchilari ishtirok etdi, shuningdek, kichik yoshdagi bolalarning ota-onalari va boshlang‘ich maktab o‘quvchilari ham qatnashdi.
Namoyishlar Bundestag (Germaniya parlamenti) harbiy chaqiruv bo‘yicha yangi tartibni ma’qullaganidan keyin boshlandi. Unga ko‘ra, yoshlar 18 yoshga to‘lganida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Deutsche Welle'ning yozishicha, harbiy xizmatga borish ixtiyoriyligicha qoladi, biroq agar Germaniya Qurolli kuchlariga harbiylar yetishmasa, hukumat yoshlarni qur’a tashlash yo‘li bilan harbiy xizmatga chaqirishni boshlashi mumkin. Buning uchun Bundestag alohida qonun qabul qilishi lozim.