Ayfel-Bitburg-Prum okrugi hokimiyatining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, kamida bir kishi jarohatlangan.
Guvohlar baza ustida katta qora tutun ustunini ko‘rgan. Shpayxer shahri meri Birte Tomsenning SWR telekanaliga aytishicha, u reaktiv samolyotning tezlik bilan balandlikni yo‘qotganini va shundan so‘ng baza ustida tutun ko‘tarilganini ko‘rgan.
SWR ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan oldin bazadan ikki samolyot havoga ko‘tarilgan. Ulardan biri halokatga uchragan bo‘lishi mumkin. Telekanal manbasining aytishicha, uchuvchi katapulta orqali samolyotni tark etishga ulgurgan, ammo bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Hodisa joyiga favqulodda xizmatlar yuborilgan. Germaniya o‘t o‘chiruvchilari dastlab bazaga chaqirilgan, ammo voqea AQSh ob’ekti hududida sodir bo‘lgani sababli keyinchalik ular chaqiruvdan ozod qilingan.
Shpangdalem bazasida F-16 qiruvchi samolyotlari bilan jihozlangan AQSh Harbiy-havo kuchlarining 52-qiruvchi qanoti joylashgan. Halokat sababi va samolyotning aniq turi hozircha ma’lum qilinmagan.