Germaniya Rossiya bilan maqbul tinchlik kelishuviga erishilguniga qadar Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Germaniya mas’uliyatli tinchlik kelishuvi tuzilmaguncha Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi vazir.
Uning ta’kidlashicha, Kiyevga yordam berish Germaniyaning ham manfaatlariga mos keladi. Vadeful Berlin Rossiyani dushmanona kayfiyatdagi davlat deb hisoblashini ta’kidlab, uning ta’sirini jilovlash zarurligini bildirdi.
Vazir o‘z partiyasi — Xristian-demokratik ittifoq (XDS) a’zolarini aholiga Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligini faolroq tushuntirishga chaqirdi.
«Biz bu masalada o‘z dalillarimizni keltirishda biroz haddan tashqari ehtiyotkor bo‘lib qoldik», — deb tan oldi Vadeful.
Shuningdek, u uzoq muddatli istiqbolda Rossiyaning iqtisodiy qiyinchiliklari Germaniya va Kiyevni qo‘llab-quvvatlayotgan boshqa davlatlarnikidan jiddiyroq bo‘lishi mumkinligini aytdi. Vazir misol sifatida Sovet Ittifoqining parchalanishini keltirib, bu jarayonga iqtisodiyotning zaiflashuvi ham ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.
Vadeful Ukrainaga yordam ko‘rsatish katta mablag‘ talab qilishini ham tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa mudofaasi va xavfsizligiga yo‘naltirilgan mablag‘larni bir vaqtning o‘zida maktablar yoki yo‘llar qurilishiga sarflab bo‘lmaydi. Biroq vazir Germaniya hujumga uchraganlarni qo‘llab-quvvatlash borasida tarixiy mas’uliyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Bryusseldagi uchrashuvda urush mamlakatga kelasi yili 155 milliard yevroga tushishini ma’lum qildi. U Yevropa hamkorlaridan mudofaa, qurol-yarog‘ va mamlakat barqarorligini ta’minlash uchun qo‘shimcha kamida 70 milliard yevro ajratishni so‘radi.