Polshaning yangi prezidenti Karol Navroskiy Berlinga ilk rasmiy tashrifi chog‘i Germaniyadan Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakatiga yetkazilgan zarar sabab rasman tovon puli to‘lashni talab qildi.
Olmon matbuoti xabariga ko‘ra, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bu talabni qat’iy ravishda rad etgan.
Polsha rahbari Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan muzokarada ham ushbu talabni ilgari surgan. Kansler ham Germaniyaning tovon puli borasidagi pozisiyasi qat’iy ekanini ta’kidlagan.
Berlindagi muzokaralardan keyin an’anaga ko‘ra mezbon va mehmon davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkaziladigan matbuot anjumani bu gal tashkil etilmagan. Bu hol Germaniya jurnalistlari tomonidan tanqidiy baholangan.
Polsha prezidenti Karol Navroskiy ijtimoiy tarmoqlar orqali tovon puli undirish masalasi hali yopilmagani, kelgusida Berlin bilan bu borada muzokara davom etishini ma’lum qilgan.
Rasmiy Varshava Germaniya hukumatidan Ikkinchi jahon urushida fashistlar hokimiyati yetkazgan zarar uchun 1,3 trillion yevro miqdorida tovon puli talab qilmoqda. Prezident Navroskiy ta’kidicha, “Bu raqam chuqur va atroflicha ilmiy izlanishlar asosida shakllangan”.
Polsha tashqi ishlar vazirligi 2023 yilda Germaniya hamda Rossiyadan urush talafotlari uchun tovon puli undirish uchun parlament komissiyasini tashkil etgan edi.
Varshava hukumati 2022 yilda chop etgan uch jildli hisobotga ko‘ra, nasistlar Germaniyasining hujumi va okkupasiyasi oqibatida 1939-1945 yillarda Polsha 6,2 trillion zlotiy (qariyb 1,3 trillion yevro) moddiy ziyon ko‘rgan.
Germaniya esa Polshaga tovon puli o‘rniga xavfsizlik kafolatini taklif etmoqda. Germaniya hukumatining Polsha masalalari bo‘yicha vakili Knut Abraham Berlin Varshavaga tovon puli to‘lamasligi, ammo qo‘shni mamlakat xavfsizligini muhofaza etishga hissa qo‘shishga tayyor ekanini aytgan.
Germaniya tomoniga ko‘ra, 1953 yili Polsha parlamenti qabul qilgan hujjatda rasmiy Varshava GFR urushda yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha barcha majburiyatlarini bajarganini e’tirof etgan.
Qolaversa, Berlin 1991 yilda yaxshi qo‘shnichilik shartnomasiga muvofiq Polshaga 1,3 milliard yevro to‘laganini aytib keladi.
Polshalik siyosatdonlar bundan avval ham tovon puli masalasini ko‘targani ma’lum. Masalan, zarar miqdorini 900 milliard dollar deb baholagan deputat Yanush Shevchak Polsha hukumati tovon puli talab qilmay kelganini sharmandalik deb baholagandi.
Polsha Germaniyadan tovon puli undirib bo‘lgach, Rossiyaga ham ayni shu talab bilan chiqmoqchi. Bu borada ilk xabarlar paydo bo‘lgan 2023 yilda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Varshavani bunday talab qo‘yish oqibatidan ogohlantirgan edi.