Germaniya hukumati ehtimoliy harbiy mojaro sharoitida sog‘liqni saqlash tizimining tayyorligini tekshirishni boshladi. Xususan, kasalxonalarga katta miqdorda yaradorlar kelib tushishi mumkin bo‘lgan ssenariylar ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
«Bizning sog‘liqni saqlash tizimimiz bunga tayyormi? Yagona javob — yo‘q. Bizni oldinda marafon kutmoqda», — dedi Ulmdagi harbiy gospital qo‘mondoni Benedikt Fraymert.
Bundesver hisob-kitoblariga ko‘ra, keng ko‘lamli harbiy mojaro yuz bergan taqdirda Germaniya kasalxonalari har kuni 1000 nafargacha yarador harbiyni qabul qilishi mumkin.
Shuningdek, Germaniya Ulm shahridagi yerosti tibbiyot muassasasini qayta ishga tushirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.