Germaniya rasmiylari Xitoyning sun’iy intellektga oid DeepSeek ilovasini Google Play va App Storedan zudlik bilan olib tashlashni talab qildi. Germaniya ma’lumotlar himoyasi regulyatori ushbu xizmat Yevropa maxfiylik standartlarini buzayotganini aytdi.
Apple va Googlega qilingan murojaatda Xitoy tomoni foydalanuvchi ma’lumotlarini yetarli darajada himoya qilmayotgani qayd etilgan. Asosiy shikoyat shundaki, Xitoy qonunlari Yevropa Ittifoqi qoidalaridan farqli o‘laroq, davlatga ma’lumotlarga kirish imkonini beradi.
Ilova yanvar oyida paydo bo‘ldi va arzonligi tufayli tezda tanildi. Ammo Xitoy harbiylari va razvedka idoralari foydalanishi mumkin, degan shubha uyg‘otdi. To‘plangan ma’lumotlar davlat nazorati tizimiga yuborilgani da’vo qilinmoqda.
Italiya va Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlari, jumladan Fransiya, Irlandiya va Gollandiya ham shunga o‘xshash tekshiruvlarni boshlagan. AQSh va boshqa mamlakatlarda DeepSeek davlat xizmatchilari uchun taqiqlangan.