Bugun 3 noyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Germaniya 12 ming dona dronni Litvaga jo‘natmoqchi

 Germaniya 12 ming dona dronni Litvaga jo‘natmoqchi

Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.

Nashr manbalariga ko‘ra, Germaniya 12 ming dona dron yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzishni rejalashtirmoqda. Keyinchalik bu dronlar NATO’ning sharqiy chegarasini Rossiyadan himoya qilish maqsadida Litvaga joylashtirilgan Germaniya armiyasining zirhli brigadasiga yuboriladi.

Dronlarni yetkazib beruvchilar, ehtimol, Germaniyaning eng yirik qurol ishlab chiqaruvchisi Rheinmetall hamda ikkita startap — Helsing va Stark kompaniyalari bo‘ladi. Har bir kompaniya uchun shartnoma qiymati taxminan 300 million dollarni tashkil etadi.

Nashrning ta’kidlashicha, hozircha hech qanday kelishuv imzolanmagan, shartnomalar Germaniya parlamenti byudjet qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Ma’lumot uchun, Helsing — qarorgohi Myunxenda joylashgan nemis mudofaa kompaniyasi. Uning sarmoyadorlaridan biri shvesiyalik tadbirkor va milliarder, Spotify musiqa xizmati asoschisi Daniyel Ek bo‘lib, u Helsing direktorlar kengashi raisi lavozimini ham egallaydi.

Bir yilcha oldin tashkil etilgan Stark kompaniyasining investorlaridan biri esa PayPal to‘lov tizimi asoschisi Piter Til hisoblanadi. Startapning Ukrainada dronlarni sinovdan o‘tkazish va ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan jamoasi mavjud.

2025 yil aprel oyi boshida Germaniya Litvada Bundesverning doimiy brigadasini rasman joylashtirganini e’lon qilgan edi. Brigada to‘liq jihozlanishi 2027 yilgacha cho‘ziladi — bo‘linma Vilnyusdan 30 kilometr janubda joylashgan Rudninkaidagi yangi harbiy majmuaga joylashtiriladi. O‘sha vaqtgacha harbiylar vaqtinchalik bazalarda bo‘lishadi. Joylashtirish yakunlangach, Litvada besh ming askar va zobit doimiy asosda xizmat qiladi.

Kiritildi: 21:45 29.10.2025. O'qildi: 717 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!