Bugun 16 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

G‘azoni tiklash uchun Tinchlik kengashi tuziladi – Tramp

G‘azoni tiklash uchun Tinchlik kengashi tuziladi – Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azo sektorini qayta tiklash bilan shug‘ullanadigan Tinchlik kengashi tashkil etilishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Kengash tarkibi hozircha oshkor etilmagan, u yaqin vaqt ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.

«Ishonch bilan ayta olamanki, bu har qanday davrda va har qanday joyda tashkil etilgan eng buyuk va eng nufuzli Kengash bo‘ladi», – deb yozdi Tramp.

Bu bayonot AQSh tomonidan G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha prezident Tramp rejasining ikkinchi bosqichi ishga tushirilgani haqidagi xabarlar ortidan yangradi. 14 yanvar kuni AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff ikkinchi bosqich doirasida o‘t ochishni to‘xtatishdan keyin demilitarizasiya, texnokratik boshqaruv va sektorni qayta qurishga o‘tish rejalashtirilayotganini bildirgan edi.

Tramp rejasining birinchi bosqichi o‘tgan yil oktyabr oyida amalga oshirilgan bo‘lib, unda HAMAS va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan, shuningdek, garovdagilar va mahbuslar almashilgan edi.

Ikkinchi bosqichda esa G‘azo sektorida o‘tish davri hukumati tuzish, hududni qayta qurish hamda to‘liq demilitarizasiya qilish nazarda tutilgan. Bu jarayon HAMAS va boshqa falastin qurolli guruhlarini qurolsizlantirishni ham o‘z ichiga oladi.

Stiv Uitkoffning ta’kidlashicha, AQSh HAMASdan o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishni, jumladan, halok bo‘lgan oxirgi garovdagining jasadini zudlik bilan qaytarishni kutmoqda.

«Bu talab bajarilmasa, jiddiy oqibatlar kelib chiqadi», – degan edi u.

Shu bilan birga, The Wall Street Journal gazetasi manbalarga tayanib yozishicha, HAMAS urush davomida yo‘qotilgan harbiy salohiyatini tiklash ustida ish olib bormoqda. Xususan, zarar yetgan tunnel infratuzilmasi qayta qurilayotgani aytilmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat fonida Isroil harbiy qo‘mondonligi yangi quruqlik amaliyoti rejalarini ishlab chiqmoqda, chunki guruh qurolsizlanishdan bosh tortmoqda.

Kiritildi: Bugun 20:14. O'qildi: 253 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!