Ekstremal issiqlik va uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilik mintaqani qamrab oldi: Fransiya hududining 85 foizi xavf ostida, shifokorlar esa o‘lim ko‘rsatkichining keskin oshishi va issiqlik stressining inson salomatligi uchun xavfi haqida ogohlantirmoqda.
Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) matbuot kotibi Kler Nullis Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda G‘arbiy Yevropa iyun–iyul oylarida kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davrni boshdan kechirganini ma’lum qildi.
Evropa Ittifoqining Yerni kuzatish bo‘yicha Copernicus dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzasiga yaqin havoning o‘rtacha harorati sanoatlashuvgacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichidan 1,47°C yuqori bo‘lgan. Natijada o‘tgan oy tarixdagi ikkinchi eng issiq iyul bo‘ldi.
Ayrim Yevropa mamlakatlarida bu yozda anomal issiqlikning to‘rtinchi to‘lqini kuzatildi. Iyul oyida dengiz yuzasi harorati ham barcha rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi.
Kuchli qurg‘oqchilik qishloq xo‘jaligi, energetika va daryo transportiga jiddiy zarar yetkazib, keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlarini ham keltirib chiqarmoqda. Copernicus dasturining sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, hozirda Fransiya hududining 85 foizini qurg‘oqchilik qamrab olgan. Ilgarigi yillardagi yashil manzaralar o‘rnini bej va tuproq ranglari egallagan.
Evropa bilan bir qatorda Yaponiya, Janubiy Koreya, Yaqin Sharq mamlakatlari va Lotin Amerikasida ham anomal yuqori harorat kuzatildi. Ayni paytda Osiyo va G‘arbiy Afrikada kuchli musson yomg‘irlari yog‘ib, suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘ldi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlarining ta’kidlashicha, Yevropa mintaqasi sayyoraning umumiy ko‘rsatkichiga nisbatan qariyb ikki barobar tez isimoqda. Anomal issiqlik inson salomatligi uchun asosiy iqlim xavf omiliga aylangan.
Ekstremal yuqori harorat suvsizlanishga olib keladi, yurak-qon tomir tizimiga jiddiy yuklama tushiradi hamda infarkt, insult va surunkali kasalliklarning kuchayishi xavfini keskin oshiradi. Eng yuqori xavf guruhiga keksalar, kichik yoshdagi bolalar va ochiq havoda ishlaydiganlar kiradi.
Shu munosabat bilan JMT va JSST aholini himoya qilish uchun issiqlik to‘lqinlari haqida erta ogohlantirish tizimlarini kengaytirishni asosiy ustuvor vazifa deb atadi.