Rossiyada Ulug‘ Vatan urushining 75 yilligiga bag‘ishlangan G‘alaba paradida ishtirok etgan harbiylarning hech birida koronavirus bilan kasallanish qayd etilmadi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy-tibbiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i Dmitriy Trishkinning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijaga o‘z vaqtida qabul qilingan samarali xavfsizlik choralari tufayli erishilgan.
"G‘alaba paradining oxirida ularning barchasi sog‘-salomat o‘zlarining doimiy joylashish joylariga qaytib kelishdi va ikki haftalik kuzatuv hamda laboratoriya tekshiruvidan o‘tishdi", dedi Trishkin.
U har bir paraddan o‘tuvchi guruhga tibbiyot xodimlari biriktirilgani va ular ishtirokchilarning sog‘lig‘ini nazorat qilib borishganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 24 iyun kuni Rossiyada G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan parad bo‘lib o‘tdi.