Agar ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizda bolalar orasida ko‘z saratoni bilan kasallanish holatlari oshganligi va bunga ular ko‘p vaqtini sarflaydigan gadjetlar sabab bo‘layotganligi keltirilgan.
❓Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri va mutaxassislarning bu boradagi fikrlari qanday?
💬 — Asosiy masalaga to‘xtalishdan oldin onkologik kasalliklar hozirgi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylanib borayotganini aytish joiz, — deydi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Otabek Ikramov. — Buni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumoti ham tasdiqlaydi. Ya’ni onkologiya tashxisi qo‘yilgandan keyingi bir yil davomida har uchinchi bemor olamdan o‘tar ekan. Ko‘rinib turibdiki, masala chindan ham jiddiy.
📊 So‘nggi 10 yillikda o‘sma kasalliklari sezilarli darajada ko‘paydi, shu jumladan, ko‘ruv a’zosining onkologik xastaliklari ham. U umumiy o‘sma kasalliklarining bir foizini tashkil etishi bizni xotirjam qilmasligi kerak. Negaki, bugun dunyoda har 100 ming kishiga salkam 4 ta shu turdagi kasallik to‘g‘ri keladi.
👁 Endi asosiy masalaga o‘tamiz. Ko‘z o‘sma kasalliklarining ortishida doimiy hamrohimizga aylanib borayotgan gadjetlarning ulushi kattami?
❗️Germaniyaning Essen universiteti mutaxassislari bu savolga yo‘q, deb javob bergan.
🔎 Gap shundaki, ular 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan o‘tkazgan ilmiy tadqiqot davomida mobil telefonlar va boshqa gadjetlar inson ko‘ruv a’zosi nurlanishi va onkologik kasalliklarga olib kelmasligi isbotlandi.
⬇️ Ko‘z saratoniga olib keladigan asosiy omillar quyidagilardan iborat:
🟣 irsiy xastaliklar,
🟣 ekologiyaning zararli ta’siri,
🟣 ayrim virusli kasalliklar.
‼️ Ammo, bolalar, ayniqsa, ularning ota-onalari gadjetlar ko‘z saratoni kasalligiga umuman sabab bo‘lmas ekan, deya xotirjamlikka berilmasliklari kerak.
🔬 Gadjetlardan uzluksiz foydalanish alal-oqibat turli xastaliklarga, jumladan, ko‘z o‘smasiga olib kelishi mumkinligini tushunish uchun soha mutaxassisi bo‘lish shart emas.
📈 Keyingi paytda “quruq ko‘z” sindromining sezilarli darajada ko‘payib borayotgani ham barchamizni hushyor tortirishi zarur.
⏰ Shulardan kelib chiqib, oftalmologlarning ko‘rsatmasiga amal qilish, bolalarning kuniga 2 soatdan ortiq gadjetlar bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘ymaslik, ish jarayoni kompyuter bilan bog‘liq bo‘lgan insonlarga esa ko‘z ustki qismini “namlantiruvchi” maxsus preparatlardan foydalanish tavsiya etiladi.
‼️ Umuman olganda, hozirgi axborot texnologiyalari davrida gadjetlardan foydalanmaslikning iloji yo‘q. Ammo me’yorni bilish va shunga amal qilish o‘zimiz va salomatligimiz uchun zarur.