G7 davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinayotgan daromadlar hisobiga Ukrainaga qariyb 50 milliard dollar miqdorida kredit ajratgan. Bu haqda Ukraina Moliya vazirligi va milliy idoralar ma’lumotlariga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
2024 yilda «Katta yettilik» davlatlari mazkur mexanizm asosida Ukrainaga qariyb 50 milliard dollarlik kredit ajratishni ma’qullagan. 2026 yil sentyabr oyi oxiriga kelib Kiyev ushbu mablag‘larning 49,4 milliard dollarini olgan.
Mazkur mablag‘larning birinchi 1 milliard dollari AQSh tomonidan 2024 yil oxirida ajratilgan. Keyinchalik Vashington Rossiya aktivlaridan olinayotgan daromadlar hisobiga qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirmagan.
G7ning qolgan a’zolari Ukrainaga 2025 yilda 37,9 milliard dollar, 2026 yilda esa yana 10,5 milliard dollar ajratgan.
Rossiya Markaziy bankining xorijdagi aktivlari 2022 yilda Ukrainadagi mojaro boshlanganidan so‘ng muzlatilgan. Rossiya Markaziy banki bahosiga ko‘ra, ularning asosiy qismi — 210 milliard yevrodan ortiq mablag‘ — Yevropaning eng yirik depozitariylaridan biri bo‘lgan Euroclearda saqlanmoqda.
Moskva esa javob choralarini ko‘rgan. Rossiyada «do‘stona bo‘lmagan» davlatlardan bo‘lgan xorijiy investorlarning aktivlari va ulardan olinadigan daromadlar maxsus «S» turidagi hisob raqamlarida jamlanmoqda.
Ushbu mablag‘larni mamlakatdan olib chiqish Rossiya hukumati huzuridagi maxsus komissiya qarori asosida amalga oshirilishi mumkin.