Yamanda futbol bo‘yicha yoshlar milliy terma jamoasining mamlakat tarixida ilk bor G‘arbiy Osiyo chempionatidagi g‘alabasi munosabati bilan keng ko‘lamli tantanalar o‘tkazildi.
Bayram isyonchi husiylar nazoratidagi va xalqaro hamjamiyat tan olgan hukumat nazorati ostidagi hududlarda yashovchi muxlislarni birlashtirdi. Yamanlik ishqibozlar o‘z quvonchlarini odatdagidek – avtomatlardan havoga o‘q uzish orqali izhor qilishdi. Oqibatda daydi o‘qlar tufayli kamida besh kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, yamanliklar Saudiya Arabistoni jamoasini penaltilar seriyasida 4:3 hisobida mag‘lub etgan. O‘yin paytida barcha jabhalarda jangovar harakatlar to‘xtagan.
Etti yildan beri qonli fuqarolar urushi davom etayotgan mamlakatning har ikki hududida tele va radiokanallar o‘yindan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir olib borgan.