Fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (224-son, 05.05.2026 y.) bilan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganligini bekor qilish tartibi to‘g‘risida» nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, ichki ishlar organlarining migrasiya va personallashtirish bo‘linmalari mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi.
Fuqaroni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish har ikki tomon (mulkdor va fuqaro) ishtirokida amalga oshiriladi va ularning roziligi «Face-ID» yoki «Mobile-ID» tizimi orqali tasdiqlanadi.
Bir nechta uyga yoki kvartiraga ega bo‘lgan turar joy mulkdori ulardan faqat bittasiga yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
18 yoshga to‘lmagan fuqaro ota-onasi yoki ulardan biri yoxud vasiysi (homiysi) ro‘yxatdan o‘tkazilgan manzilda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kundan e’tiboran 10 ish kuni ichida yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joy mulkdori uni yashash joyi yoki turgan joyi manziliga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun vakolatli organga xabar berishi shart.
Fuqarolar yoki turar joy mulkdori ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan joydagi vakolatli organ yoki davlat xizmatlari markazlari,«Aqlli» migrasiya shoxobchalari orqali shaxsan yoxud YAIDXP, «E-xabar berish» tizimi orqali onlayn tarzda murojaat qilishlari mumkin.
O‘zbekistonning kuyidagi hududlarida fuqarolarning erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi cheklanishi mumkin:
- chegara zonasida;
- yopiq harbiy shaharchalarda;
- yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalarda;
- favqulodda holat yoki safarbarlik e’lon qilingan hududlarda va boshqalar.