Germaniya kansleri Fridrix Mers Eron rahbariyatiga qarshi Isroil va AQShning harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U yakshanba, 1 mart kuni Berlinda Germaniya hukumati “mullalar rejimi o‘z oxiriga yaqinlashayotgani”dan ko‘plab eronliklar his qilayotgan “engillik” tuyg‘usini bo‘lishishini aytdi.
“Biz AQSh va Isroil bilan birga bu rejimning terrorligi to‘xtashi va Eronning xavfli yadroviy hamda ballistik dasturi to‘xtatilishi manfaatidamiz”, — dedi Mers. Uning ta’kidlashicha, harbiy zarbalar “zaiflashgan rejimning vayronkor o‘yini”ga nuqta qo‘yishi kerak.
Shu bilan birga, Germaniya hukumati rahbari bu hujumlar “xavfsiz emas”ligini ham qayd etdi. “Biz Eronning mintaqadagi qattiq javob zarbalari qanday keskinlashuvga olib kelishini bilmaymiz”, — dedi u. Mers yana bir bor Tehronni “pala-partish berilayotgan bu hujumlarni darhol to‘xtatish”ga chaqirdi.
Xalqaro huquq nuqtai nazaridan Eronga zarbalarning qonuniyligi haqidagi savolga Mers shunday javob berdi:
Germaniya “dilemma”ni ko‘ryapti — so‘nggi o‘n yillar davomida xalqaro huquq doirasida hech qanday qadamlar bilan Tehron rahbariyatiga nisbatan biror natijaga erishib bo‘lmadi. Germaniya kanslerining fikricha, hozir “hamkorlarimiz va ittifoqchilarimizni o‘rgatadigan vaqt emas”.