Fransuz fermerlari Yevropa Ittifoqi (EI) va Janubiy Amerika umumiy bozori (Merkosur) o‘rtasida imzolangan erkin savdo kelishuviga qarshi Versal saroyi oldida traktorlarda norozilik namoyishi o‘tkazdi.
Mamlakatning yetakchi fermerlar uyushmalaridan biri — FNSEA chaqirig‘iga javoban fermerlar Parijdan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Versal shahri markazida yig‘ildi. Ular tarixiy saroy oldiga traktorlarda kirib kelib, adolatsiz raqobatga olib kelishi mumkin bo‘lgan kelishuvdan voz kechishni talab qildi.
Namoyishchilarning qo‘llarida «Versalda dehqonlar qo‘zg‘oloni yana boshlanadi» degan yozuvli bayroq ham bo‘ldi.
Fermerlar Yevropa Ittifoqi va Merkosur o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Janubiy Amerikadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yengillashtirishga qarshi chiqishmoqda. Ular bu mahsulotlar Yevropa standartlariga javob bermasligini ta’kidlab, tarkibida genetik modifikasiya qilingan organizmlar (GMO), pestisidlar va o‘sish gormonlari bo‘lgan tovarlar aholi salomatligi uchun xavfli ekanini bildirmoqda.
Shuningdek, Janubiy Amerikada sanitariya va ekologik me’yorlar yumshoqroq, mehnat xarajatlari esa kamroqligi bois, bunday mahsulotlar Yevropa bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun adolatsiz raqobat yaratishi qayd etilmoqda.
EI va Merkosur 2000-yilda erkin savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni boshlagan, 2019-yilda esa kelishuv e’lon qilingan edi. Biroq hujjat hali imzolanmagan va ratifikasiya qilinmagani sababli kuchga kirmagan.