Fors ko‘rfazi davlatlari Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan uzoq muddatli nazorati xavfi tufayli bo‘g‘ozni aylanib o‘tuvchi yangi quvurlar qurishni ko‘rib chiqmoqda, deb yozmoqda FT.
Rasmiylar va soha rahbarlarining so‘zlariga ko‘ra, yangi quvurlar ko‘rfaz davlatlarining doimiy zaifligini kamaytirishning yagona yo‘li bo‘lishi mumkin. Biroq bunday loyihalar juda qimmat, siyosiy jihatdan murakkab va amalga oshirish uchun ko‘p yillar talab etadi.
Hozirgi mojaro Saudiyaning 1200 kilometrlik "Sharq-G‘arb" quvurining strategik ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. 1980-yillarda qurilgan ushbu quvur hozirda Ho‘rmuzni chetlab o‘tgan holda Qizil dengizdagi Yanbu portiga kuniga 7 million barrel neft yetkazib beruvchi muhim arteriya bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hozirda "Sharq-G‘arb" quvuri quvvatini yanada kengaytirish yoki yangi yo‘nalishlar qurish masalasi o‘rganilmoqda. Shuningdek, maqsad Hindistondan Fors ko‘rfazi orqali Yevropagacha bo‘lgan koridor (IMEC) loyihasini qayta tiklashdir.