Flydubai bortida pichoqlangan uchuvchi Hindiston fuqarosi ekani aniqlandi.
Dubaydan Tel-Avivga 30 sentyabr kuni uchgan samolyotni boshqargan va hamkasbi tomonidan pichoqlangan uchuvchi Hindiston fuqarosi ekani ma’lum qilindi. Bu haqda Hindistonning NDTV telekanali xabar berdi. Ma’lumotni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham tasdiqladi.
Hodisa vaqtida samolyot bortida 174 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ularning aksariyati Isroil fuqarolari hisoblanadi. Flydubai reysi dastlab favqulodda vaziyatni anglatuvchi 7700 kodini yuborgan. Biroz vaqt o‘tgach, ekipaj 7500 kodini, ya’ni samolyotga noqonuniy aralashuv yoki uni olib qochishga urinish holatini bildiruvchi signalni uzatgan.
Shundan so‘ng Isroil harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilib, yo‘lovchi samolyoti tomon yo‘naltirilgan. Yakunda Flydubai samolyoti Saudiya Arabistonining Tabuk aeroportiga xavfsiz qo‘ndirilgan.
Favqulodda signal yuborilishiga uchuvchilardan biri – Hindiston fuqarosi Smit Machcharga ikkinchi uchuvchi tomonidan pichoq bilan hujum qilingani sabab bo‘lgan. Pichoqlanganiga qaramay Machchar kabinani ochib, yo‘lovchilarga uchuvchini zararsizlantirish imkonini bergan. Hozirda Machchar Saudiya Arabistonidagi shifoxonada davolanmoqda. U Flydubai aviakompaniyasida to‘rt yildan beri ishlaydi. Bungacha Hindistonning SpiceJet aviakompaniyasida 10 yil faoliyat yuritgan.
Samolyot bortida bo‘lgan yana ikki uchuvchi esa uchoqni Saudiya Arabistoniga qo‘ndirgan. Isroil bosh vaziri hindistonlik uchuvchiga ko‘rsatgan jasorati uchun minnatdorlik bildirgan.
Dastlab ommaviy axborot vositalarida uchuvchilar Rossiya va Ukraina, keyinchalik esa BAA hamda O‘mon fuqarolari ekani haqida xabarlar tarqalgandi. Hozirda ikkinchi uchuvchining shaxsiga aniqlik kiritilmagan. Mazkur aviahodisa sababli Isroil mamlakatga uchayotgan har bir uchuvchining shaxsini tekshirishni kuchaytiradi.