Bugun Xalqaro Futbol Federasiyasi - FIFA terma jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, terma jamoalar reytingini Yevropa vakili Belgiya 1729 ochko bilan boshqarib bormoqda. Amaldagi jahon chempioni Fransiya ham xuddi shuncha ochko bilan birinchi, Braziliya terma jamoasi 1663 ochko bilan uchinchi, jahon chempionati finalchisi Xorvatiya esa 1634 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Kuchli o‘ntalikdan Urugvay (1632), Angliya (1612), Portugaliya (1606), Shveysariya (1598), Ispaniya (1597) hamda Daniya (1591) terma jamoalari joy olishgan.

2014 yilgi mundial finalchilari Argentina hamda Germaniya termalari pastroqdan o‘rin olgan. Argentina 1575 ochko bilan 11, Germaniya esa 1568 ochko bilan 12 o‘rinda qayd etilgan.
Osiyo qit’asi vakillari orasida eng yuqori o‘rinda Eron termasi qayd etilgan. Forslar umumiy jadvalda 1474 ochko bilan 34 o‘rinda borishmoqda. Undan keyingi Osiyo vakili Avstraliya 1431 ochko bilan 43, Yaponiya esa 1398 ochko bilan 54 o‘rinda bormoqda.

Mamlakatimiz termasi reytingda 1245 ochko bilan 96 o‘rinda bormoqda. Bu Osiyo termalari orasida 14 o‘rin demakdir. Qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston termasi 1265 ochko bilan 91 o‘rinda, bizdan 5 o‘rin yuqoriroqdan joy olgan. O‘zbekistondan keyingi o‘rinda esa Hindiston bormoqda. 97 o‘rinda qayd etilgan hindlar hisobida 1244 ochko mavjud.
Terma jamoalarning navbatdagi reytingi 25 okyabrda e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Manba: uza.uz