FIFA prezidenti Janni Infantino o‘z lavozimini saqlab qolishda Donald Tramp ma’muriyatidan yordam so‘ramoqchi — The New York Post.
Nashr manbalariga ko‘ra, Infantino bugun, 3 avgust kuni AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
"U Davlat kotibi bilan bog‘lanib, futbol Amerika yumshoq kuchining bir qismi bo‘lishi mumkinligini muhokama qilmoqchi edi. Ammo barchamiz bilamizki, gap aslida uning ishdan chetlatilishining oldini olish haqida ketmoqda. Hozir boshqa narsa haqida gapirishning iloji yo‘q", — deydi The New York Post manbalaridan biri.
Infantino FIFA'ning tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi bilan chiqqanidan so‘ng keskin tanqidlarga uchragan edi. Keyinchalik u mazkur rejadan voz kechgan. Manbalarning aytishicha, mojaro avj olgan paytda Infantino Tramp bilan ham bir necha bor telefon orqali bog‘lanishga uringan.
FIFA ushbu tashabbus orqali 4,2 milliard dollar jalb qilish mumkinligini ma’lum qilgan. Biroq, ushbu tashabbus futbol rasmiylari, milliy federasiyalar va boshqa tashkilotlar tomonidan keskin tanqid qilindi.
Avvalroq UEFA FIFA prezidenti Janni Infantinoga nisbatan ishonchsizlik votumi orqali uni lavozimidan chetlatmoqchiligi haqida xabar berilgandi.