2026 yilgi jahon chempionatining mukofot jamg‘armasi ko‘paytiriladi. Bunga ayrim milliy assosiasiyalarning final bosqichidagi yuqori ekspluatasion xarajatlardan xavotir bildirgani sabab bo‘lgan. Bu haqda PA nashri xabar bermoqda.
Avvalroq bir qator Yevropa terma jamoalari Shimoliy Amerikadagi turnirda ishtirok etish zarar keltirishi mumkinligidan xavotir bildirishgan edi. Sababi, ushbu musobaqa xarajatlari to‘rt yil oldingi Qatar mezbonlik qilgan turnirga qaraganda ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shundan so‘ng, FIFA dunyo bo‘ylab milliy assosiasiyalar bilan muloqot olib bordi va ham ishtirokchi mamlakatlar uchun mukofot pullarini, ham 211 ta a’zo assosiasiyaga beriladigan rivojlanish mablag‘larini oshirishga qaror qildi.
Hozirda moliyalashtirishni ko‘paytirish bo‘yicha detallar muhokama qilinmoqda.
«2026 yilgi jahon chempionati jahon futbol hamjamiyatiga qo‘shadigan moliyaviy hissasi nuqtai nazaridan inqilobiy bo‘ladi. FIFA o‘z tarixidagi eng kuchli moliyaviy holatda ekanidan faxrlanadi va FIFA Forward dasturi orqali jahon futboliga foyda keltirishda davom etadi», — deya ta’kidladi FIFA vakili.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida FIFA final bosqichining 48 ta ishtirokchisi uchun rekord darajadagi 727 million AQSh dollari miqdoridagi mukofot jamg‘armasini tasdiqlagan edi. Ushbu mablag‘ning 50 millioni g‘olib jamoaga nasib etishi belgilangan. Biroq Yevropa assosiasiyalari rasmiylari AQShdagi soliq tizimining shtatma-shtat farq qilishi va boshqa xarajatlar tufayli ushbu rekord summa ham yetarli bo‘lmasligi mumkinligini ko‘rsatib o‘tishgan.
FIFA kengashining navbatdagi yig‘ilishi 28 aprel kuni Kanadaning Vankuver shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Unda moliyalashtirishning yangi miqdorlari bo‘yicha batafsil ma’lumot berilishi kutilmoqda.