Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Fast fudlar bepushtlikka olib kelishi mumkin

Fast fudlar bepushtlikka olib kelishi mumkin

Sevib yeydigan taomingiz nima, degan savolga ko‘plab odamlar lavash va burgerlar degan javobni aytadi. Aslida fast fudni suymaydigan odam bo‘lmasa kerak, to‘g‘rimi? Ammo u qorin to‘ydirgani bilan organizmni kerakli moddalar bilan ham to‘yintira oladimi?

Biz goho vaqt ziqligini sabab qilib fast fud iste’mol qilishni ma’qul ko‘ramiz. Fast food (ing.) — o‘z nomi bilan tez pishar taom. Qolaversa, qulay hamda mazali. Shu bilan birga, yog‘ va tuzga boy, hazm bo‘lishi qiyin bo‘lgan taom sanaladi. Ammo uni uzluksiz tanovul qilishning asl oqibatlaridan hammamiz ham boxabar emasmiz. Keling, mutaxassislar fikriga nazar tashlaymiz.

— Fast fud keltirib chiqaradigan kasalliklarni umumiy tibbiyot tili bilan noinfeksion, ya’ni yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, deb ataymiz. — deydi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno ODILOVA. — Ammo ular (yuqumli bo‘lmagan kasalliklar) bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha odamlar orasidagi o‘limning 78% ini tashkil etadi.Kasalliklarni keltirib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillarning asosiy qismi insonning turmush tarziga bog‘liq. Tibbiyotning rivojlanganligi, inson genetikasi, ya’ni ajdodlarning salomatlik holati, irsiy kasalliklar bor-yo‘qligiga, atrof-muhit, ekologiyaning ta’siri kabi faktorlar inson salomatligining 10-12 foizigagina ta’sir etadi, 55-60 % ini uning turmush tarzi tashkil qiladi. O‘zbekiston bo‘yicha yana bir fakt borki, aholining 67% i meva va sabzavotlarni kerakli darajada iste’mol qilmasligi qayd etilgan. Bu degani 67 % odam to‘g‘ri ovqatlanmaydi(!).

Har beshta odamning birida semizlik mavjud

O‘zbekiston SSV ning ma’lumotlariga qaraganda, aholining yarmi ortiqcha vaznga ega. Aniqroq qilib aytganda har beshta odamning birida semizlik aniqlangan. 46% aholi qonida xolesterin hamisha yuqori bo‘lishi kuzatilgan, albatta, bu hali ularning kasallikka uchraganligini tasdiqlamaydi, ammo aynan biz yuqorida ta’kidlagan kasalliklarga chalinish xavfi borligidan dalolat beradi. Aholining uchdan bir qismida arterial bosim yuqori darajada yuradi. 40 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan insonlarning beshdan bir qismida yurak qon tomir kasalligiga chalinish xavfi ko‘p kuzatiladi. Bugungi kundagi turmush tarzi shu holicha davom etsa aholi orasida yaqin besh yil ichida ushbu kasalliklarga chalinish ko‘rsatkichi ortishidan dalolat beradi.

— Fast fud diyetologlar tomonidan hech qachon tavsiya etilmaydi. — deydi Endokrinologiya ilmiy tekshirish instituti vrach diyetologi Dilmar SAVCHUK. — Birinchidan, uning tarkibidagi oqsillar tabiiy oqsil hisoblanmaydi. Qolaversa, u bo‘g‘im kasalliklari, qandli diabet kasalligi, ortiqcha vaznga, qon bosim oshishiga, eslash qobiliyati pasayishi kabi ko‘plab og‘ir xastaliklarga olib keladi.

Fast fud xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi

Ma’lumki, fast fud tarkibida dudlangan go‘sht, pishloq bor, tuzlangan bodring, karam va hokazo... Bularning barchasi juda katta tuz miqdorini tashkil etadi. JSST ma’lumotiga ko‘ra, bitta odam bir kunda 5 m/grammdan kam ham, ortiq ham bo‘lmagan tuz iste’mol qilishi lozim. Bizning odamlar esa bunga ko‘p hollarda qoniqmaydi, bir kunlik me’yor 14.9 grammdan ham oshib ketadi, ya’ni uch barobar ko‘p. Buning katta qismini esa fast fudlar orqali qabul qilamiz. Bundan tashqari, biz sevib tanovul qiladigan fri va chips ham yana yog‘ va tuz miqdorining oshishiga olib keladi. Tez pishar tayyor taomning asosiy tarkibini tashkil qiluvchi omil bu chala pishgan go‘sht mahsuloti sanaladi. Ular taksoplazma, bryuselyoz ko‘plab og‘ir xastaliklarni keltirib chiqaradi. Bular ayniqsa, ayollar orasida bola tushishiga olib keluvchi sabablardan biri hisoblanadi. U hatto bepushtlikka ham olib kelishi mumkin. Qolaversa, fast fud nafaqat yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni keltirib chiqaradi, balki yuqumli kasalliklarni-da orttirib olishga zamin yaratadi.

Har narsada me’yor bo‘lgani yaxshi

Mutaxassislar tomonidan 2 litr suv, 5 m/gramm tuz, 3 gramm yog‘ va 30 gramm shakar kunlik me’yor sifatida belgilab berilgan. Biz bu me’yorlarga qay darajada amal qilamiz? To‘g‘ri. Ilgari ham choyxonada jazirama issiqda ham yog‘li osh yegan odamlarda bugungiday kasalliklar ko‘p ham kuzatilmagan. Sababi ularda jismoniy faollik bo‘lgan. Ular og‘ir ovqatlar iste’molidan so‘ng dalada yana ishini davom ettirgan. Bizda esa fast fud eb bo‘lgach yurgimiz kelmaydi, taksiga minamiz, ishda o‘tirib ishlaymiz, uyga borgach televizor yonida yanada o‘tirib dam olamiz. O‘z-o‘zidan jismoniy faollik kamayadi. Bu esa biz yuqorida sanab o‘tgan kasalliklarning paydo bo‘lishiga olib keladi.

Tan olish kerakki, ushbu mahsulotlarni tayyorlash va sotishni butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi. Chunki, yurtimizda, ayniqsa, shaharlarda fast fud industriyasi juda yaxshi rivojlangan. Ammo bu borada bir qadar cheklovlarni amalga oshirish mumkin. Masalan, ta’lim muassasalarida va unga besh yuz metrgacha yaqinlikda bo‘lgan joylarda fast fud tayyorlashni taqiqlash, tashqi reklamani to‘xtatish yoki qisqartirish, umuman, fast fud shahobchalarini kamaytirish lozim. Kerak bo‘lsa sog‘lom ovqatlanish joylarining reytingini tuzib, ularni rag‘batlantirish amalga oshirilsa yanada maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bunda ham sog‘lom raqobat kuchayadi, ham reklama vujudga keladi.

Yulduz O‘RMONOVA, “Xalq so‘zi”.

Kiritildi: 22:15 22.07.2019. O'qildi: 1353 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!