16 may kuni Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi xandaq qazilayotgan joyda bir kishini tuproq bosib qoldi. Holat yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 11:50 da Farg‘ona viloyati FVB navbatchilik qismiga Yozyovon tumani “Yuqori Soybo‘yi” mahallasida bir kishining ustiga tuproq ko‘chib tushgani haqida xabar kelib tushgan. Bu holat xandaq qazishda xavfsizlik qoidalarining qo‘pol ravishda buzish natijasida sodir bo‘lgan. Voqea joyiga zudlik bilan Farg‘ona viloyati FVB qutqaruv otryadlari yetib borgan.
Ko‘chib tushgan tuproq bir necha daqiqalarda olib tashlangan. Qutqaruvchilarga voqeaga guvoh bo‘lgan shaxslar ham yordam ko‘rsatishgan. Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi subpudratchi tashkilot xodimi bo‘lib, xandaq qazish vaqtida xavfsizlik qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan. U tan jarohatlari olgan bo‘lsada, shifokorlarning fikriga ko‘ra, uning hayotiga hech narsa tahdid solmayapti.