Bugun 20 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Farg‘onada Pokiston bilan hamkorlikda tibbiyot universiteti tashkil etiladi

A A A
Farg‘onada Pokiston bilan hamkorlikda tibbiyot universiteti tashkil etiladi

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Pokiston Islom Respublikasidan kelgan tadbirkorlar delegasiyasini qabul qildi.

Pokistonning Peshavordagi taniqli Xayber tibbiyot universiteti, shuningdek Shifa International klinikalar tarmog‘i, SANS MED International kompaniyasi, O‘zbekistondagi tibbiy oliy ta’lim muassasalariga pokistonlik talabalarni yo‘naltirishga ixtisoslashgan “Asl Pharma” kompaniyasi vakillaridan iborat delegasiya bilan uchrashuvda pokistonliklarning Farg‘onadagi hamkori, “Meridian Diagnostic Hospital” rahbari Nurillo Mamasadiqov ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda Farg‘ona shahrida O‘zbekiston-Pokiston hamkorligida Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti (Central Asian Medical University) tashkil etish bilan bog‘liq masala muhokama qilindi.

Loyiha tashabbuskorlari viloyat rahbariga yangi universitetni tashkil etish bo‘yicha o‘z rejalarini bayon qildilar. Joriy yildayoq dastlabki talabalarni qabul qilishi maqsad qilingan oliygohda ilk bosqichda davolash ishi, pediatriya va stomatologiya yo‘nalishlari ochiladi. Pokistonlik tadbirkorlar universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun birinchi bosqichda 2 million AQSh dollari, keyingi yilda esa talabalar amaliyot o‘tashlari uchun o‘z klinikalarini tashkil etish uchun 10 million dollargacha mablag‘ yo‘naltirishlarini ma’lum qilishdi. Talabalarga dars berish uchun Pokiston, Angliya va AQShdan tajribali professor-o‘qituvchilar ham jalb etiladi.

Viloyat hokimi hozirda O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda davlat-xususiy sheriklik tamoyilidagi hamda xususiy tibbiyot tizimi ham jadal rivojlanib borayotganini qayd etib, ularni malakali kadrlar bilan ta’minlash dolzarblik kasb etayotganini, shu nuqtai nazardan Farg‘onada xorijiy ta’lim tajribasiga asoslangan tibbiyot oliygohini tashkil etilishi to‘la qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati hokimligi, Xayber tibbiyot universiteti hamkori sifatida SANS MED International kompaniyasi hamda “Meridian Diagnostic Hospital” MCHJ o‘rtasida Farg‘ona shahrida Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti tashkil etish masalasida uch tomonlama o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kiritildi: 21:51 29.01.2022. O'qildi: 6206 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!