Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Farg‘onada og‘ufurush jinoiy guruh fosh etildi

A A A
Farg‘onada og‘ufurush jinoiy guruh fosh etildi

Jinoiy guruh o‘z qilmishlarini “ssenariy" asosida davom ettirardi...

Giyohvand moddalar bugungi kunda minglab insonlarning umriga zomin bo‘lmoqda. Mamlakatimizda mazkur illatga qarshi kurashish, giyohvandlikka butunlay barham berish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda giyohvand moddalarni mamlakatimizga olib kirish yo‘llarini bartaraf etish, ularning nafaqat mamlakatimiz ichida noqonuniy muomalada bo‘lishi, balki hududimiz orqali tranzit qilinishiga chek qo‘yish, uyushgan jinoiy guruhlarni yo‘q qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biroq ayrim shaxslar og‘ufurushlikdan kasb sifatida foydalanishga urinmoqda. Ana shunday niyat bilan qabihlikka qo‘l urgan Baxtiyor Iskandarov Qirg‘iziston Respublikasida yashovchi tanishi Dilshodbek Dilmuratov bilan o‘zaro til biriktirdi. Kelishuvga asosan Dilshodbek giyohvandlik vositalarini mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib berishi, olib o‘tilgan “zahri qotil” esa Solijon Botirov orqali Baxtiyorga yetkazilishi kerak edi. Ish rejadagidek kechdi. B.Iskandarov qonunga xilof ravishda giyohvandlik vositalarini mo‘may daromad evaziga pulladi.

Jinoiy guruh o‘z qilmishini davom ettirdi. Ular Qirg‘izistonda yashovchi boshqa shaxsdan bu gal 3 kilogramm og‘irlikda gashish giyohvandlik vositasini sotib olmoqchi bo‘ldi. Yovuz rejaga bu safar Muhammadyusuf Mahmudov ham bosh qo‘shdi. Muhammadyusuf qilgan xizmati uchun 100 gramm gashish moddasiga ega bo‘lishiga Baxtiyor qat’iy va’da berdi. Evaziga avans tariqasida undan 700 AQSh dollari oldi. Bu mablag‘ ustiga 300 AQSh dollari qo‘shib Dilshodbek Dilmuratovga berdi. Solijonga Dilshodbek bilan birga Andijon viloyatining Marhamat tumani orqali O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara postiga borishini tayinlaydi.

Solijon va Dilshodbek 40 F 383 NA davlat raqamli "Nexia" avtomobilida chegaraga yetib kelishgach, qolgan ishning uddasidan chiqish yana Dilshodbekning zimmasida qoldi. U 1.618 gramm gashish moddasini mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tgach, Solijon bilan eski manzilga otlanadi.

Afsuski, jinoiy guruh o‘z maqsadiga yetolmadi. Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbiri orqali Marhamat-Quva yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan "Nexia" avtomobili “Mash’al” yo‘l-patrul postida to‘xtatildi. Transport vositasi salonining old o‘rindig‘i ostidan topilgan paketdagi gashish moddasi ularni fosh etdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv-tergov harakatlari chog‘ida jinoiy guruhga aloqador Musinjon Shamsutdinovning xonadonidan shisha bankada marixuanaga o‘xshash modda, Jahongir Boltaboyevning xonadonidan selofan paketda giyohvand vositasiga o‘xshash o‘simlik topilgan.

Sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari va ashyoviy dalillar jinoiy guruh qilmishlarini to‘la-to‘kis oydinlashtirdi. Shunga tayanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan aybdorlarga adolatli hukm o‘qildi. Baxtiyor Iskandarov, Dilshodbek Dilmuratov hamda Solijon Botirovlar 8 yil muddatga, Muhammadyusuf Mahmudov 10 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jahongir Boltaboyevga 300 soat majburiy jamoat ishlari jazosi, Musinjon Shamsutdinovga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Manba: xs.uz

Kiritildi: 17:05 24.08.2018. O'qildi: 1428 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik