Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Farg‘onada mahalla raisi sud zalidan qamoqqa ketdi

Farg‘onada mahalla raisi sud zalidan qamoqqa ketdi

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa tayinlab berish evaziga ta’magirlik yo‘li bilan pora talab qilgan mahalla raisi qamaldi.

El-yurt o‘rtasida obro‘ topish oson emas, ammo uni tezda yo‘qotib qo‘yish ham mumkin. Yozyovon tumanidagi “Takalik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vazifasida ishlagan Rustamjon Madaminov yosh bo‘lsada mahalla aholisi unga ishonch bildirgan edi. Ayniqsa, keyingi paytda mahalla oqsoqolining vakolatlari ancha kengayib, zimmasidagi mas’uliyat ham ortgandi. Ammo u xalq dardi bilan yashash, muammolarini hal etish o‘rniga ta’magirlik yo‘lini tutdi.

Shu mahallada yashovchi G.Sotvoldiyeva farzandi uchun ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish borasida murojaat qiladi. Mahalla raisi bunday vaziyatda nafsining quliga aylandi. Uning amakisidan nafaqa tayinlab berish evaziga 450 ming so‘m pul talab qildi. Pulni bermasa bola parvarishi uchun nafaqa ololmasligini aytadi. Vaholanki, G. Sotvoldiyevaga farzandi uchun nafaqa tayinlash qonuniy bo‘lib, uning turmush darajasi ham og‘ir edi. 

Raisga berish kerak bo‘lgan bir oylik nafaqa puli ro‘zg‘ori uchun asqotardi. Amakisi holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qildi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi talab qilgan 450 ming so‘m pulni olayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, adolatli hukm o‘qildi. R.Madaminovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan Jinoyat Kodeksini 45, 57-moddalarini qo‘llab, uch yil moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilib, uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Unga qo‘llanilgan garov ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, sud zalidan qamoqqa olindi.

Kiritildi: 16:21 19.10.2020. O'qildi: 4198 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!