Xabaringiz bor, o‘tgan haftaning juma kuni – 20 iyul sanasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotima Rejametovaning qizi, jurnalist va aktrisa Farangiz Rejametova mudhish YTH oqibatida vafot etdi. 25 yoshli Farangizning vafoti yuzasidan zudlik bilan huquq-tartibot organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari boshlandi.
Farangiz Rejametovani avtomobilida urib yuborgan 23 yashar Ulug‘bek E.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan ayblanmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, yigit uy qamog‘iga olingan. Bu haqdagi xabarni Qalampir.uz’ning Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasidagi manbasi tasdiqladi.
Farangiz Rejametovaning hayotiga nuqta qo‘ygan YTH 20 iyul kuni soat 21:00 atrofida Toshkentning Abdulla Qodiriy ko‘chasida sodir bo‘lgan edi. YTHga Farangizning to‘rt nafar dugonasi guvoh bo‘lgan. Ular orasida shifoxonagacha bir mashinada ketganlar ham bor. Qalampir.uz Farangizning dugonalarini topdi. Tez orada YTH tafsilotlari yoritilgan eksklyuziv intervyuni e’tiboringiz havola etamiz.
Manba: qalampir. com