Ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilning Xevron shahri yaqinida joylashgan Masafer-Yatta hududidagi falastinliklar uylari vayron qilinganidan so‘ng boshpana topish uchun tepaliklarda g‘orlar qazishga majbur bo‘lmoqda.
Falastinliklar uylarining buzilishi so‘nggi yillarda kengaygani qayd etilmoqda. Isroilning B’Tselem huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda «noqonuniy qurilish» bahonasi bilan kamida 1 267 ta falastin inshooti buzilgan. Tashkilotga ko‘ra, bu 2006 yildan beri qayd etilgan eng yuqori yillik ko‘rsatkichdir.
Isroil hukumati uy-joylarni buzishning asosiy sababi sifatida qurilish uchun tegishli ruxsatnomalarning mavjud emasligini keltiradi.
Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar esa mazkur siyosat falastin jamoalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotganini bildirmoqda. Tanqidchilar, shuningdek, bu jarayonni ishg‘ol qilingan hududlarda Isroil aholi punktlarining kengayishi bilan bog‘lamoqda.
G‘arbiy Sohildagi zo‘ravonliklar 2023 yil oktyabridan keyin yanada kuchaygan. Bu davrda falastinliklar orasida qurbonlar, hibsga olishlar, uy-joylarni buzish va aholi punktlarining kengayishi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan.
BMTning Insonparvarlik masalalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda ham uy-joylarni buzish va ko‘chirilish holatlari yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bunday holatlar natijasida har oy yuzlab falastinliklar o‘z yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lmoqda.