Falastin ma’muriyati rahbari 2027 yilda prezidentlik saylovlari, joriy yil kuzida esa parlament saylovlari o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos prezidentlik saylovlari 2027 yil boshida o‘tkazilishini, qonun chiqaruvchi organlarga saylovlar esa joriy yilning noyabr oyiga rejalashtirilganini e’lon qildi. Biroq u o‘zining mazkur saylovlarda ishtirok etish yoki etmasligi haqida aniq ma’lumot bermadi.
90 yoshli Abbos 2005 yilda to‘rt yillik muddatga prezident etib saylangan edi. Ammo shundan beri uning vakolatlari bir necha bor uzaytirildi va yangi prezidentlik saylovlari o‘tkazilmadi. Bu davr mobaynida u asosan farmonlar orqali boshqaruvni amalga oshirib keldi.
Shu bilan birga, Abbos saylov tartib-taomillariga o‘zgartishlar kiritish haqidagi farmonni imzoladi hamda Falastin Milliy kengashiga saylovlar o‘tkazishga to‘liq tayyor ekanini bildirdi. Ushbu jarayon Falastin hududlaridagi umumiy qonunchilik saylovlarini ham, xorijda yashovchi falastinliklarning ovoz berishini ham o‘z ichiga oladi.
Oxirgi parlament saylovlari 2006 yilda bo‘lib o‘tgan va unda HAMAS harakati avval Falastin siyosatda ustun mavqega ega bo‘lgan FATH harakati ustidan g‘alaba qozongan edi. Shundan buyon qonunchilik kengashi amalda yig‘ilmagan.
Saylovlarni o‘tkazish Falastin ma’muriyatiga moliyaviy yordam ko‘rsatayotgan xalqaro hamjamiyat talab qilayotgan islohotlarning bir qismi sifatida baholanmoqda.
Biroq saylovlarni tashkil etish yo‘lidagi asosiy to‘siq hamon saqlanib qolmoqda. Xususan, Isroil tomonidan bosib olingan Sharqiy Quddus va G‘azo sektorida ovoz berish o‘tkazilishi bo‘yicha haligacha kafolatlar mavjud emas.