Evropadagi ekstremal issiqlik 2 milliard yevrolik g‘alla ekinlarini yo‘q qildi. Bu haqda Energy and Climate Intelligence Unit (ECIU) tahliliga tayanib Financial Times nashri yozmoqda.
«Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropada iyun oyida kuzatilgan jazirama g‘alla hosili qiymatining 2 milliard yevrodan ortiqqa kamayishiga olib keldi. Bundan eng katta zararni Fransiya va Vengriya ko‘rdi», — deyiladi maqolada.
Nashr axborotiga ko‘ra, issiqlik Markaziy va Janubiy Fransiya, Janubiy Germaniya, shuningdek, Avstriya, Polsha va Vengriyada bug‘doyni don tushish (pishib yetilish) davrida urgan.
ECIU’ning yer, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha tahlilchisi Tom Lankasterning ta’kidlashicha, yuzaga kelgan vaziyat «fermerlarning hamyoniga og‘ir zarba bo‘ladi», ularning daromadlarini kamaytiradi hamda Yevropaning oziq-ovqat xavfsizligiga putur yetkazadi.