Eronga qarshi urushning kuchayishi va mojaro tufayli energiya ta’minotida uzilishlar yuz berishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortidan Yevropada tabiiy gaz narxi so‘nggi uch yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.
Tasnim agentligi xabar berishicha, seshanba kuni energiya tashishning muhim yo‘nalishi bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozida neft tankerlariga hujum qilingani haqidagi xabarlar gaz narxlarining yanada oshishiga sabab bo‘lgan.
Amsterdam birjasidagi asosiy TTF gaz fyucherslari bir oylik yetkazib berish uchun megavatt-soatiga 71,70 yevrogacha ko‘tarildi. Bu avvalgi kunga nisbatan qariyb 3 foizga yuqori.
Mutaxassislar gaz narxlarining oshishida Fors ko‘rfazi davlatlaridan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) yetkazib berishda uzoq muddatli uzilishlar yuz berishi mumkinligi haqidagi xavotirlar asosiy omil bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
Germaniyaning Commerzbank banki xomashyo bozori bo‘yicha eksperti Norman Libke yirik gaz ishlab chiqaruvchi Qatardan yetkazib berishning to‘xtatilishi vaziyatga ta’sir qilayotgan omillardan biri ekanini aytdi. Uning qayd etishicha, Yevropa va Osiyoga LNG yetkazib berishdagi cheklovlar yana bir oyga uzaytirilgan.
«Shu sababli kelgusi haftalarda narxlarning yanada oshishi xavfi saqlanib qolmoqda», — dedi Libke.
Verivox narxlarni taqqoslash portali ma’lumotlariga ko‘ra, chakana iste’molchilar uchun gaz tariflari ham sezilarli darajada oshgan. Ayni paytda yangi mijozlar uchun gaz narxi kilovatt-soatiga taxminan 11 yevrosentni tashkil etmoqda.
Gaz narxlari so‘nggi uch hafta davomida qariyb 40 foizga oshgan. Mutaxassislar ulgurji narxlardagi o‘sish iste’molchilar tariflarida biroz kechikish bilan aks etishini inobatga olib, yaqin kunlar va haftalarda chakana narxlar ham oshishi mumkinligini bildirmoqda.
Narxlarning o‘sishiga Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatdan tashqari, Yevropada gaz omborlarining nisbatan past darajada to‘ldirilgani ham ta’sir ko‘rsatmoqda.