Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

Evropa Ittifoqi arzon posilkalar uchun yangi boj joriy etmoqda

Evropa Ittifoqi arzon posilkalar uchun yangi boj joriy etmoqda

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab Yevropa Ittifoqi a’zo bo‘lmagan mamlakatlardan keladigan qiymati 150 yevrogacha bo‘lgan tijorat posilkalari uchun yangi vaqtinchalik bojxona yig‘imini joriy etadi. Bu haqda The Guardian nashri xabar qildi.

Yangi qoidaga ko‘ra, har bir tovar toifasi uchun 3 yevro miqdorida boj undiriladi. Masalan, agar bitta posilkada palto, kitob va stakan kabi uch xil toifadagi tovarlar bo‘lsa, qabul qiluvchi jami 9 yevro qo‘shimcha to‘lov qiladi.

Evropa komissiyasi ushbu chora Yevropa ishlab chiqaruvchilarini nohaq raqobatdan himoya qilish, shuningdek, iste’molchilarni xavfli mahsulotlardan muhofaza qilishga qaratilganini bildirdi.

Mazkur tartib 2028 yil 1 iyulga qadar amal qiladi. Shu vaqtgacha Yevropa Ittifoqi yagona bojxona ma’lumotlari markazini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Yangi tizim orqali har bir tovar turiga mos foiz stavkalari asosida import bojlari avtomatik hisoblanadi.

Qiymati 150 yevrodan yuqori bo‘lgan posilkalar uchun esa amaldagi import qoidalari o‘zgarishsiz saqlanib qoladi. Bunday holatlarda boj tovar qiymati, yetkazib berish xarajatlari, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va tashish qiymati asosida hisoblanadi.

Evropa komissiyasi ushbu qarorni 2025 yil dekabr oyida qabul qilgan. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga kelayotgan arzon posilkalar soni so‘nggi to‘rt yilda to‘rt baravar oshib, 2025 yilda 5,9 milliardtaga yetgan. Ularning qariyb 90 foizi Xitoydan, asosan Shein va Temu kabi internet-do‘konlar orqali yuborilgan.

Evropa komissiyasi fikricha, bu holat Yevropa ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, komissiya tadqiqotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga import qilingan onlayn buyurtmalarning taxminan 60 foizida Yevropa xavfsizlik talablariga javob bermaydigan mahsulotlar aniqlangan.

Shu yil may oyida Yevropa regulyatorlari Temu platformasini noqonuniy va xavfli mahsulotlar savdosi bilan bog‘liq qoidalarni buzgani uchun 200 million yevro miqdorida jarimaga tortgan edi.

Kiritildi: 19:28 29.06.2026. O'qildi: 702 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!