So‘nggi ikki yil ichida Niderlandiya va Fransiya o‘z oltin zaxiralarining bir qismini AQShdagi omborlardan olib chiqdi. Ular bu qarorni geosiyosiy beqarorlik bilan izohlagan.
Oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda turadigan Germaniya va Italiyadagi ayrim siyosatchilar ham Donald Tramp ma’muriyatining siyosatini noaniq deb hisoblab, oltinni AQShdan qaytarishga chaqirgan.
Britaniyaning Oxford Economics tahliliy kompaniyasi eksperti Sebastyan Tiyening DWga aytishicha, AQSh hukumati Yevropa davlatlariga tegishli oltinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri musodara qilishi «o‘ta ehtimoldan yiroq». Biroq favqulodda vaziyat yuzaga kelganda ushbu aktivlarga kirish imkoniyati bilan bog‘liq xavotirlar asosli bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, AQSH, xususan, Manhettendagi Nyu-York Federal zaxira banki hali ham Yevropa davlatlari, jumladan Germaniya oltinini saqlash uchun asosiy markazlardan biri bo‘lib qolmoqda.