Vaziyat 17 noyabrdan keyin keskinlashdi. O‘sha kuni Erondagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Bahrayndagi “Shayx Iso” aviabazasida joylashgan AQSh radariga qarshi dronlar bilan “aniq operasiya” o‘tkazganini ma’lum qilgandi. AQSh Markaziy qo‘mondonligiga ko‘ra, dronlar urib tushirilgan, texnika va harbiylarga zarar yetmagan.
Oradan bir necha soat o‘tib AQSh javob qaytardi. Amerika qiruvchilari 17 noyabr kechqurun Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Qeshm orolida joylashgan raketa uchirish maydonchasiga zarba berdi. Eronning IRNA agentligi orolda besh-oltita portlash bo‘lganini xabar qildi. Ho‘rmuzgon viloyati gubernatori o‘rinbosari esa turar joy, savdo va infratuzilma ob’ektlariga zarar yetmaganini aytdi.
18 noyabrga o‘tar kechasi Eron armiyasi Kuvaytdagi AQSh harbiylari joylashgan “Ali as-Salam” aviabazasiga hujum qildi. Eron davlat televideniyesiga ko‘ra, ushbu bazadagi havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda dron va raketa uchirish qurilmalari mo‘ljalga olingan. Kuvayt armiyasi dronlar tutib qolinganini bildirdi, zarar haqida esa ma’lumot bermadi. Reuters'ning yozishicha, bu Eronning Kuvaytga sentyabrdan beri birinchi hujumi bo‘ldi.
Bugun erta tongda Bahrayn yana hujumga uchradi. Mamlakat ichki ishlar vazirligi aholini ikki marta pana joyga yashirinishga chaqirdi. Bahrayn armiyasi keyinroq Erondan uyushtirilgan bir nechta hujum qaytarilganini ma’lum qildi.
Eron tomoni yangi zarbalar bilan ham tahdid qildi. Eron armiyasi bosh qo‘mondoni Amir Hotamiy 18 noyabr kuni e’lon qilingan videoda dushman xatosini takrorlasa, Eron AQSh va uning tarafdorlariga yanada kuchliroq hamda “geografik cheklovlarsiz” javob berishga tayyorligini aytdi.
Bundan tashqari, dengizda ham vaziyat keskinlashdi. BAA davlat neft kompaniyasi 17 noyabr kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tankeriga hujum qilinganini bildirdi. Ekipajning bir a’zosi bedarak yo‘qolgan, 11 kishi yaralangan. Eron qurolli kuchlari esa o‘sha kuni uchta tanker dengiz minasiga urilganini aytdi. AQSh harbiylari asosiy yo‘nalishlar minalardan tozalanganini ta’kidlab kelyapti.