Eronning davlatga qarashli «Mehr» axborot agentligi Oliy rahbar Oyatulloh Mo‘jtaba Xomaneiy ishtirokidagi videolavhani birinchi marta e’lon qildi.
Qisqa videoda Mo‘jtaba Xomaneiy bir necha nafar erkak qurshovida gilam ustida o‘tirgani aks etgan. Videoda qo‘shiqlar yangraydi, biroq ishtirokchilar nimani muhokama qilayotgani noma’lum. Shuningdek, videolavha qachon tasvirga olingani ham ma’lum qilinmagan.
Bu Mo‘jtaba Xomaneiy 2026 yil mart oyida Eron Oliy rahbari etib tayinlanganidan beri uning ishtirokida e’lon qilingan birinchi videodir.
Mo‘jtaba Xomaneiy AQSh va Isroilning harbiy amaliyoti boshlanganidan ko‘p o‘tmay Eron Oliy rahbari etib saylangan. Uning otasi Ali Xomaneiy avval mazkur lavozimni egallagan va 28 fevral kunigi hujumda halok bo‘lgan.
12 mart kuni Mo‘jtaba Xomaneiy birinchi murojaatini yo‘llagan. Biroq u chiqishda shaxsan ishtirok etmagan, murojaat matn shaklida televideniye va internet orqali tarqatilgan.
Xorijiy ommaviy axborot vositalari avvalroq Mo‘jtaba Xomaneiyning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar haqida xabar bergan edi. Eron rasmiylari uning AQSh hujumi vaqtida jarohatlanganini tasdiqlagan, biroq jarohati yengil bo‘lganini bildirgan.