Bugun 19 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Eron parlamenti yangi mudofaa vazirini tasdiqladi

Eron parlamenti yangi mudofaa vazirini tasdiqladi

Eron parlamenti Mehrdad Axlaki Ketabchini mamlakatning yangi mudofaa vaziri etib tasdiqladi. U halok bo‘lgan Aziz Nasirzoda o‘rnini egalladi va AQSh hamda Isroilni yangi hujumlar sodir etilgan taqdirda keng ko‘lamli javob zarbasi bilan ogohlantirdi. Bu haqda Eron davlat teleradiokompaniyasi IRIB xabar berdi.

Ketabchi nomzodini 237 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, 15 nafari qarshi ovoz bergan. Betaraf qolganlar bo‘lmagan. Ovoz berish parlamentning videokonferensiya shaklidagi majlisida o‘tkazilgan.

Yangi vazir 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga dastlabki zarbalari chog‘ida halok bo‘lgan Aziz Nasirzoda o‘rnini egalladi. Uning vafotidan keyin vazir vazifasini vaqtincha Majid Ibn al-Rizo bajarib kelgan.

Ovoz berishdan oldin deputatlar oldida so‘zlagan Ketabchi «Amerika-sionistik dushmani» tomonidan yangi hujum sodir etilsa, Eronning javobi kutilmagan va keng ko‘lamli bo‘lishini ta’kidladi.

Uning aytishicha, bunday harakatlar oqibatida yuzaga keladigan mintaqaviy va xalqaro vaziyat uchun mas’uliyat Vashington va uning ittifoqchilari zimmasiga tushadi.

Ketabchi shuningdek, 35 yildan buyon dushmanlari tomonidan o‘ldirilishi kerak bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilganini bildirib, «qarshilik fronti»ni mustahkamlashni davom ettirishga va’da berdi.

U mudofaa ishlab chiqarishini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va vazirlik tuzilmasini zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga moslashtirishni asosiy ustuvor vazifalar sifatida belgiladi.

Avvalroq Ketabchi Eron Mudofaa vazirligida ko‘p yillar davomida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Jumladan, mamlakat Aerokosmik sanoat tashkilotiga rahbarlik qilgan. Eronning raketa dasturini rivojlantirishdagi ishtiroki uchun u AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Kiritildi: 15:05 18.10.2026. O'qildi: 414 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!